26 Avgust 2022 2027

Jahon chempionatiga 40 kun qoldi. Tayyorgarlik qanday ketmoqda?

Ma’lumki, poytaxtimiz 6-13 oktyabr kunlari dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Mamlakatimizda ilk bor o‘tkaziladigan ushbu nufuzli musobaqa yuqori darajadagi tayyorgarlikni talab etadi. Bugun Milliy Olimpiya qo‘mitasida yilning eng muhim tadbiriga ko‘rilayotgan hozirlik muhokama qilindi.

Unda MOQ raisi o‘rinbosari, mamlakat dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov boshchiligidagi federatsiya mutasaddilari, MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov va Qo‘mita xodimdari ishtirok etdi.

Dastavval musobaqaning tantanali ochilish marosimi, uning atrofida o‘tkaziladigan tadbirlarning badiiy qismiga tayyorgarlik jarayoni ko‘rib chiqildi. Shu o‘rinda muxlislar uchun bir kichik sirni ochib o‘tsak. Tadbirlar barchaning xotirasida unutilmas voqelik sifatida saqlanib qolinishi uchun katta ijodiy jamoa ish olib bormoqda. Konsert qismida o‘zbek va jahon estradasining taniqli vakillari muxlislarga ko‘tarinki kayfiyat ulashish uchun xizmat qilishadi.

Jahon chempionatiga 110 dan ziyod mamlakatdan mehmonlar kelishi kutilmoqda. Shubhasiz, bunday katta masshtabdagi tashrif buyuruvchilar bilan transport-logistika, maishiy xizmat ko‘rsatish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ham alohida ishlash talab etiladi. Yig‘ilish davomida mutasaddilar Xalqaro dzyudo federatsiyasi rahbariyati, sportchi va murabbiylar, xorijiy OAV xodimlari uchun ajratilgan mehmonxonalar, ularga yaratiladigan sharoitlar xususida batafsil ma’lumot berishdi.

Azizjon Kamilov davlatimiz mana shunday nufuzli musobaqaning tashkil etilishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgan ekan, uni yuqori saviyada o‘tkazish lozimligi, bu mamlakatimiz imijini butun dunyoga ko‘rsatish uchun ajoyib imkoniyatligini eslatib, barcha mas’ullardan o‘z vazifalariga mas’uliyat bilan yondashishni so‘radi. Shuningdek, federatsiya shifokorlariga sportchilarimizning salomatligini, ovqatlanish ratsionini qattiq nazoratga olish bo‘yicha alohida ko‘rsatma berdi.

Tadbir davomida musobaqani katta hajmda yoritish, nafaqat poytaxtimiz, balki viloyatlardagi dzyudo muxlislarini o‘ziga xos sport bayramiga jalb qilish, ko‘rkam “Humo arena” atrofida milliy hunarmandchilik burchaklarini tashkil etish kabi masalalar ham atroflicha ko‘rib chiqilib, ish jarayonini yanada kuchaytirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Text to speech